Oʻzbek tilida kirill-lotin va lotin-kirill alifbosiga oʻzgartirish xizmati


Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl harakati qoidalari

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qaroriga 1-ILOVA

4. Piyodalarning majburiyatlari

15. Piyodalar trotuarlardan, piyodalar yo‘lkalaridan, piyoda va velosiped yo‘lkalaridan, ular bo‘lmaganda esa yo‘l yoqalaridan harakatlanishi kerak. Hajmi katta yuklarni olib ketayotgan piyodalar, shuningdek, nogironlarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan shaxslarning trotuarlar yoki piyodalar yo‘lkalaridan harakatlanishi boshqa piyodalarning harakatlanishiga xalaqit berayotgan bo‘lsa, ular qatnov qismining chetidan harakatlanishi mumkin.

Trotuarlar, piyodalar yo‘lkalari, piyoda va velosiped yo‘lkalari yoki yo‘l yoqalari bo‘lmasa yoxud ulardan harakatlanishning imkoniyati bo‘lmagan hollarda, piyodalar velosiped yo‘lkasidan yoki qatnov qismining chetidan (ajratuvchi mintaqa bor yo‘llarda qatnov qismining tashqi chetidan) bir qator bo‘lib harakatlanishlari mumkin. Qatnov qismi chetida harakatlanayotgan piyodalar transport vositalarining harakatlanishiga qarama-qarshi yo‘nalishda yurishlari kerak. Nogironlarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan, mototsikl, moped, velosiped yetaklab ketayotgan shaxslar esa bunday hollarda transport vositalarining harakatlanish yo‘nalishi bo‘ylab yurishlari kerak.

Piyodalar yo‘lkasida, trotuarda, yo‘l yoqasida piyodalarning harakatlanishiga xalaqit beradigan qurilma va to‘siqlar o‘rnatish taqiqlanadi.

16. Piyodalarning tashkiliy jamlanmasiga yo‘lning qatnov qismida bir qatorda to‘rt kishidan ortiq bo‘lmasdan, faqat transport vositalarining harakat yo‘nalishi bo‘ylab o‘ng tomondan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Jamlanmaning oldi va orqasida chap tomondan qizil bayroqcha, sutkaning qorong‘i vaqtida yoki yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida esa oldinda oq, orqada qizil rangli chiroq ko‘targan kuzatuvchilar bo‘lishi shart.

Bolalar guruhini trotuarlar va piyodalar yo‘lkalaridangina, ular bo‘lmaganda esa yo‘l yoqasidan faqat sutkaning yorug‘ vaqtida va katta yoshdagilar kuzatuvida olib yurishga ruxsat etiladi.

17. Piyodalar yo‘lning qatnov qismini piyodalar o‘tish joylaridan, shuningdek, yer osti va yer usti o‘tish joylaridan, ular bo‘lmaganda esa chorrahalarda trotuar chiziqlari yoki yo‘l yoqasi bo‘ylab kesib o‘tishlari kerak.

Piyodalarga ko‘rinadigan oraliqda o‘tish joyi yoki chorraha bo‘lmasa, ajratuvchi mintaqasiz va to‘siqsiz yo‘llardan yo‘lning ikki tomoni yaxshi ko‘rinadigan joyidan, qatnov qismining chetiga nisbatan to‘g‘ri burchak ostida kesib o‘tish ruxsat etiladi.

18. Yo‘l harakati tartibga solingan joylarda piyodalar tartibga soluvchining yoki piyodalar svetoforining, ular bo‘lmaganda esa transport svetoforining ishoralariga amal qilishlari kerak.

19. Tartibga solinmaydigan piyodalar o‘tish joylarida, piyodalar yaqinlashayotgan transport vositalarigacha bo‘lgan masofani va ularning tezligini chamalab ko‘rib, o‘tish o‘zlari uchun xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘ng qatnov qismi (tramvay bekati)ga chiqishlari ruxsat etiladi.

Shuningdek, piyodalar yo‘lni piyodalar o‘tish joylaridan tashqarida kesib o‘tishda transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit bermasliklari, yaqinlashayotgan transport vositalarining yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan turib, ko‘rinishni cheklovchi to‘xtab turgan transport vositasi yoki boshqa biror to‘siq panasidan chiqmasliklari kerak.

Yo‘lning qatnov qismida, shuningdek, piyodalar o‘tish joylarida harakatlanayotgan piyodalarga telefondan foydalanish, tele, video mahsulotlarni ko‘rish, radio-audio mahsulotlarni eshitish, kitob yoki davriy matbuot o‘qish, hamda e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish taqiqlanadi.

Piyodalar to‘xtab turgan avtobus va trolleybusning orqa tomonidan, tramvayning esa oldi tomonidan yo‘lni kesib o‘tishlari shart.

20. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lmasa, yo‘lning qatnov qismi (tramvay yo‘llari)ga chiqqan piyodalar ushlanib qolmasliklari va to‘xtamasliklari kerak. O‘tishga ulgurmagan piyodalar xavfsizlik orolchasida, agarda u bo‘lmasa qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratuvchi chiziqda to‘xtashlari lozim. Keyingi harakatlanish xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng va svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralarini hisobga olgan holda o‘tishni davom etishlari mumkin.

21. Tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar va maxsus tovushli ishorasi yoqilgan transport vositalari yaqinlashib kelayotgan bo‘lsa, piyodalar qatnov qismidan o‘tmasliklari, unda harakatlanayotganlari esa, ushbu transport vositalariga yo‘l berishlari va zudlik bilan qatnov qismini bo‘shatishlari kerak.

22. Yo‘nalishli transport vositalarini faqat qatnov qismidan baland joylashgan kutish maydonchalarida, ular bo‘lmaganda esa, trotuar yoki yo‘l yoqasida kutishlari kerak. Qatnov qismidan baland joylashgan maydonchalar bilan jihozlanmagan bekatlarda yo‘nalishli transport vositalari to‘liq to‘xtagandan so‘ng unga chiqish uchun qatnov qismiga chiqishga ruxsat etiladi. Undan tushgandan keyin ushlanib qolmasdan qatnov qismini bo‘shatishlari shart.

Qatnov qismi bo‘ylab bekatlarga borayotgan yoki undan qaytayotgan piyodalar ushbu Qoidalarning 18 — 21-bandlari talablariga amal qilishlari kerak.

Yoʻl harakati qoidalariga ilovalar / Yoʻl harakati qoidalarining belgilari

UzPdd.uz ©