Onews.uz - Ўзбек тилида қисқа ва лўнда янгиликлар


Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl harakati qoidalari

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qaroriga 1-ILOVA

15. Tartibga solingan chorrahalar

99. Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasida chapga burilayotgan yoki qayrilib olayotgan relssiz transport vositasining haydovchisi qarama-qarshi tomondan to‘g‘riga harakatlanayotgan va o‘ngga burilayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart. Tramvay haydovchilari ham ushbu Qoidaga amal qilishlari kerak.

100. Svetoforning taqiqlovchi qizil yoki sariq ishorasi bilan bir vaqtda yongan qo‘shimcha tarmoqning ko‘rsatkichli yashil ishorasi yo‘nalishida harakatlanayotgan haydovchi boshqa yo‘nalishlardan harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.

101. Agar svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralari tramvay va relssiz transport vositalariga bir vaqtda harakatlanishga ruxsat bersa, harakatlanish yo‘nalishidan qat’i nazar, tramvay oldin o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.

Svetoforning qizil yoki sariq ishorasi bilan bir vaqtda yongan qo‘shimcha tarmog‘ining yo‘naltirgichli yashil ishorasi yo‘nalishida harakatlanayotgan tramvay boshqa yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.

102. Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasida chorrahaga kirgan haydovchi undan chiqishda svetofor ishoralaridan qat’iy nazar, mo‘ljallangan yo‘nalishda harakatlanishni davom ettirishi kerak. Biroq chorrahada haydovchining harakatlanish yo‘lida joylashgan svetoforlar oldida to‘xtash chiziqlari (yoki 5.33 yo‘l belgisi) bo‘lsa, u har bir svetofor ishoralariga amal qilishi shart.

103. Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yonganda haydovchi chorraha orqali harakatlanishni tugallayotgan transport vositalari va qatnov qismidan tegishli yo‘nalishda o‘tishni tugallayotgan piyoda(lar)ga yo‘l berishi shart.

Yoʻl harakati qoidalariga ilovalar / Yoʻl harakati qoidalarining belgilari

UzPdd.uz ©