1. Ushbu Yo‘l harakati qoidalari (keyingi o‘rinlarda — Qoidalar) O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘l harakatining yagona tartibini belgilaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi yo‘llarida transport vositalarining o‘ng tomonlama harakatlanish tartibi belgilangan.
3. Yo‘l harakati ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi Qonunini, ushbu Qoidalarni va ularda keltirilgan svetofor ishoralari, yo‘l belgilari (ushbu Qoidalarga 1-ilova), yo‘l chiziqlarining (ushbu Qoidalarga 2-ilova) talablarini bilishlari, ularga amal qilishlari, shuningdek, ularga berilgan vakolat doirasida yo‘llarda harakatni tartibga soluvchilarning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishlari shart.
4. Yo‘l harakati ishtirokchilari yo‘ldagi boshqa harakat ishtirokchilarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilmasligi va xavf tug‘dirmasliklari kerak.
Tegishli vakolatga ega bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘l qoplamasini buzish, o‘zgartirish yoki unga zarar yetkazish, ifloslantirish, yo‘l belgilarini, svetoforlarni, shuningdek, yo‘l harakatini tashkil etishning boshqa texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan olib tashlash, o‘rnatish, to‘sib qo‘yish, shikastlantirish, yo‘llarda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi qurilma va narsalarni qoldirish, tegishli ruxsatsiz yo‘lning qatnov qismiga to‘siqlar o‘rnatish yoki ularni to‘sib qo‘yish, “sun’iy notekislik” qurilmalarini o‘rnatish taqiqlanadi.
Harakatlanishga to‘sqinlikni yuzaga keltiradigan shaxs uni tezda bartaraf qilish uchun imkoniyati darajasida barcha choralarni ko‘rishi, agar buning iloji bo‘lmasa, mavjud barcha vositalar bilan xavf-xatar haqida yo‘l harakati ishtirokchilarini ogohlantirishi va ichki ishlar organlariga (keyingi o‘rinlarda — IIO) xabar berishi shart.
5. Mazkur Qoidalarni buzgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
6. Qoidalarda quyidagi asosiy tushuncha va atamalardan foydalaniladi:
avariya holatini yuzaga keltirish — yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilarini harakat yo‘nalishi yoki tezligini keskin o‘zgartirishga, shuningdek, o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qilish;
avtomagistral — 5.1. yo‘l belgisi bilan belgilangan, har bir yo‘nalishning qatnov qismlari ajratuvchi mintaqa bilan ajratilgan (u bo‘lmaganda, yo‘l to‘siqlari bilan) hamda boshqa yo‘llar, tramvay va temir yo‘llar, piyoda va velosiped yo‘lkalari bilan bir sathda kesishmaydigan yo‘l;
avtopoyezd — ulagich moslamalari bilan ulangan egarli shatakka oluvchi va yarim tirkama yoki yuk avtomobili hamda tirkama (tirkamalar)dan iborat transport vositasi tarkibi;
ajratuvchi mintaqa — yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan ko‘tarilgan yoki maysazor, ariq, maxsus to‘siqlar bilan ajratilgan baland qismi;
arava — otga (yoki boshqa hayvonlarga) qo‘shib tortiladigan yoki odam mushak kuchi bilan harakatga keltiriladigan dvigatel bilan jihozlanmagan, yuk tashishga mo‘ljallangan qurilma;
asosiy yo‘l — tuproqli yoki shag‘alli yo‘lga nisbatan qattiq qoplamali (asfalt, sement-betonli va shunga o‘xshashlar yotqizilgan), kesishayotgan yoki tutashgan yo‘lga nisbatan 2.1, 2.3.1 — 2.3.3 yoki 5.1 yo‘l belgilari bilan belgilangan yoxud yondosh hududdan chiqadigan yo‘lga nisbatan har qanday yo‘l. Ikkinchi darajali yo‘lning bevosita chorrahaga tutash qismining qoplamali bo‘lishi uni asosiy yo‘l bilan teng huquqli qilmaydi;
aholi punkti — kirish va chiqish yo‘llari 5.22 — 5.25 yo‘l belgilari bilan belgilangan hudud;
bolalar guruhini tashkiliy tashish — yo‘nalishli transport vositalariga daxli bo‘lmagan avtobuslarda sakkiz va undan ortiq bolalarning tashkil etilgan tartibda tashilishi;
velosiped — kamida ikkita g‘ildirakka ega bo‘lgan va odatda minib olgan shaxs(lar)ning muskul kuchi bilan, xususan, tepkilar yoki dastaklar yordamida harakatlantiriladigan transport vositasi (nogironligi bo‘lgan shaxslar kajavasidan tashqari). Velosiped nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan, tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan dvigatelga ega bo‘lishi mumkin;
velosipedchi — velosipedni boshqaradigan shaxs;
velosiped yo‘lkasi — alohida yo‘l yoki konstruktiv jihatdan qatnov qismi va trotuardan ajratilgan yo‘lning tarkibiy qismi bo‘lib, tegishli yo‘l belgisi bilan belgilanadi;
velosipedchilar uchun tasma — yo‘lning boshqa qismlaridan yo‘l chizig‘i bilan ajratilgan, tegishli yo‘l belgilari bilan belgilangan yo‘l qismi bo‘lib, faqat velosiped va individual harakatlanish vositalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangan;
gibrid avtomobil — ichki yonuv dvigateli va (yoki) tashqi elektr manbai orqali zaryadlanuvchi elektr motor yordamida harakatlanuvchi transport vositasi;
yetarlicha ko‘rinmaslik — yomg‘ir, qor yog‘ishi, tuman tushishi va shunga o‘xshash sharoitlarda, shuningdek, kunning g‘ira-shira vaqtida yo‘lning ko‘rinish masofasi 300 metrdan kam bo‘lishi;
yondosh hudud — bevosita yo‘lga tutashgan va transport vositalari o‘tib ketishi uchun mo‘ljallanmagan hudud (hovlilar, mahallalar, turar joy dahalari, transport vositasi to‘xtab turish joylari, yonilg‘i quyish shoxobchalari, korxona va shunga o‘xshashlar).
Yondosh hududdan chiqayotgan transport vositalari barcha yo‘l harakati ishtirokchilariga yo‘l berishi shart;
imtiyoz — mo‘ljallangan yo‘nalishda boshqa yo‘l harakati ishtirokchilariga nisbatan oldin harakatlanish huquqi;
individual harakatlanish vositalari — dvigatel (dvigatellar) (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirak va boshqa shunga o‘xshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishi uchun mo‘ljallangan bir yoki bir nechta g‘ildiraklari (roliklari) bo‘lgan transport vositasi;
yo‘l — transport vositalari va piyodalar harakatlanishi uchun jihozlangan, moslashtirilgan hamda transport vositalari va piyodalarning harakat xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan, yo‘l obyektlari majmuasini joylashtirish uchun ajratilgan yer uchastkalari hamda yer uchastkalari ustidagi bo‘shliq yo‘l.
Yo‘llar umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llariga (bundan buyon matnda umumiy foydalanishdagi yo‘llar deb yuritiladi), tumanlar (shaharlar), shaharchalar, qishloqlar va ovullarning ko‘chalariga, xo‘jalik yo‘llariga, shahar elektr transporti yo‘llariga, velosiped va piyodalar yo‘lkalariga ajratiladi.
Qishloq joylardan o‘tadigan va xo‘jaliklarni o‘zaro bog‘laydigan yo‘llar xo‘jaliklararo qishloq yo‘llaridir;
yo‘lovchi — transport vositasidagi (haydovchidan tashqari) shaxs, shuningdek, transport vositasiga kirayotgan (unga chiqib o‘tirayotgan) yoki transport vositasidan chiqayotgan (undan tushayotgan) shaxs;
yo‘l berish (to‘sqinlik qilmaslik) — yo‘l harakati ishtirokchilariga nisbatan imtiyozi bo‘lgan boshqa yo‘l harakati ishtirokchisining harakat yo‘nalishi yoki tezligini o‘zgartirishga majbur etishi mumkin bo‘lgan hollarda, harakatni davom ettirmasligini yoki boshlamasligini, biror-bir manyovr bajarishi mumkin emasligini bildiruvchi talab;
yo‘l yoqasi — yo‘lning qatnov qismiga u bilan bir sathda bevosita tutashgan, qoplama turi bilan farq qiladigan yoki 1.1 yo‘l chizig‘i yordamida ajratilgan, ushbu Qoidalarga muvofiq harakatlanish, to‘xtash va to‘xtab turish uchun mo‘ljallangan bo‘lagi;
yo‘nalishli transport vositasi — belgilangan yo‘nalishi va bekatlari bo‘lgan, yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan umumiy foydalanishdagi transport vositalari (trolleybus, tramvay, avtobus, yo‘nalishli taksi);
yo‘l-transport hodisasi — transport vositasining yo‘lda harakatlanish jarayonida va uning ishtirokida sodir bo‘lgan, fuqarolar vafot etgan yoki ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan, transport vositalari, inshootlar, yuklar shikastlangan yoxud boshqa moddiy zarar yetkazilgan hodisa;
yo‘l harakati — yo‘l harakatini tashkil etishda yo‘llar doirasida transport vositalari va yo‘l harakati ishtirokchilari ishtirokida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlar majmui;
yo‘l harakati ishtirokchisi — yo‘l harakati jarayonida transport vositasining haydovchisi, yo‘lovchisi yoki piyoda sifatida bevosita ishtirok etayotgan shaxs;
yo‘l harakatini tashkil etish — yo‘llarda harakatni boshqarish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy-huquqiy, tashkiliy-texnika tadbirlar va boshqaruv harakatlari majmui;
yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalari — yo‘l harakatini tashkil etish uchun mo‘ljallangan qurilmalar va inshootlar (yo‘l belgilari, harakatlanish polosalari, svetoforlar, miltillovchi mayoqchalar, yo‘l chiziqlari, yo‘l ustunlari, to‘siqlar, tezlikni cheklovchi qurilmalar, shlagbaumlar, xavfsizlik orolchalari, yo‘l harakatini avtomatik boshqarish tizimlari (vositalari), shuningdek, boshqa qurilmalar va inshootlar);
yo‘l harakati xavfsizligi — yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l-transport hodisalari va ularning oqibatlaridan himoyalanganlik darajasini aks ettiruvchi yo‘l harakati holati;
yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash — yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqish sabablarining oldini olishga, ularning og‘ir oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan faoliyat;
ko‘rinishi cheklangan joylar — joylardagi past-balandliklar, burilishlar, o‘simliklar, daraxtlar, qurilishlar, inshootlar yoki boshqa obyektlar, shu jumladan, transport vositalari tufayli harakatlanish yo‘nalishida yo‘l ko‘rinishining cheklanishi;
majburiy to‘xtash — texnik nuqson, tashilayotgan yuk, haydovchi va yo‘lovchining holati, yo‘ldagi biror to‘siq tufayli xavf yuzaga kelganda yoxud ob-havo sharoitiga bog‘liq holda transport vositasi harakatini to‘xtatish. Haydovchining ushbu xatti-harakati oxirgi zarur chora bo‘lib, qoidabuzarlik deb e’tirof etilmaydi;
mexanik transport vositasi — dvigatel bilan harakatga keltiriladigan transport vositasi. Bu atama barcha traktor va o‘zi yurar moslamalarga ham taalluqlidir;
moped — dvigatelining ish hajmi 25 sm3 va undan ortiq, lekin 50 sm3dan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch (to‘rt) g‘ildirakli transport vositasi. Xuddi shunday tavsiflarga ega bo‘lgan kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl hamda yo‘lning qatnov qismida harakatlanishga moslashtirilgan boshqa transport vositalari mopedlarga tenglashtiriladi;
mototsikl — dvigatelining ish hajmi 50 sm3 va undan oshadigan, konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometr va undan oshadigan, yon tirkamasiz yoki yon tirkamali (kajavali) ikki yoxud uch (to‘rt) g‘ildirakli transport vositasi;
ogohlantiruvchi ishoralar — avariya holatlarining oldini olish maqsadida, shuningdek, harakat yo‘nalishini o‘zgartirishda, to‘xtatishda qo‘llaniladigan ishoralar;
piyoda — transport vositasidan tashqarida bo‘lgan va yo‘lda biror-bir yumush bilan band bo‘lmagan shaxs. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan, velosiped, moped, mototsikl, elektromototsikl, skuter, individual harakatlanish vositalari, chana, aravacha va bolalar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar aravachasini yetaklagan, shuningdek, harakatlanish uchun rolikli konkilar, dvigatelsiz samokatlar va boshqa shularga o‘xshash vositalardan foydalanayotgan shaxslar ham piyodalarga tenglashtiriladi;
piyoda va velosiped yo‘lkasi — qatnov qismidan ajratilgan, velosipedchilar, individual harakatlanish vositalarini boshqarayotgan shaxslarning va piyodalarning alohida-alohida yoki birgalikda harakatlanishi uchun mo‘ljallangan va 4.6.1 — 4.6.6 yo‘l belgilari o‘rnatilgan yo‘lning tarkibiy qismi yoxud alohida yo‘l;
piyodalar yo‘lkasi — piyodalar harakatlanishi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan, tegishli yo‘l belgisi bilan belgilangan alohida yo‘l yoki sun’iy inshoot yuzasi. Transport vositalari harakati taqiqlangan qismi;
piyodalarning tashkiliy jamlanmasi — Qoidalarning 16-bandi talablariga muvofiq yo‘lda bir yo‘nalishda birgalikda harakatlanayotgan odamlar guruhi;
piyodalar o‘tish joyi — qatnov qismidagi 5.16.1, 5.16.2, 5.48 yo‘l belgilari va 1.14.1 — 1.14.4 yoki 1.29.1 — 1.29.3 yo‘l chiziqlari bilan belgilangan va piyodalar yo‘lni kesib o‘tishda harakatlanishlari uchun ajratilgan joy.
Yo‘l chiziqlari bo‘lmasa, piyodalar o‘tish joyining kengligi 5.16.1 va 5.16.2 yo‘l belgilari orasidagi masofa bilan aniqlanadi;
pulli to‘xtab turish joyi — to‘lov asosida foydalaniladigan to‘xtab turish joyi;
reversiv harakatlanish — qatnov qismining maxsus ajratilgan, 5.35 — 5.37 yo‘l belgilari, 1.9 yo‘l chizig‘i bilan belgilangan va ustida reversiv svetofor o‘rnatilgan bo‘lagida harakatlanish yo‘nalishining qarama-qarshi tomonga o‘zgarishi;
ruxsat etilgan to‘liq vazn — jihozlangan transport vositasining ishlab chiqargan korxona tomonidan belgilangan yuk, haydovchi va yo‘lovchilari bilan birgalikdagi eng yuqori vazni (o‘lchovi).
Bir tarkibda harakatlanayotgan (tirkama va boshqalar) transport vositalarining ruxsat etilgan to‘liq vazniga shu tarkibga kiruvchi transport vositalarining ruxsat etilgan to‘liq vaznlari yig‘indisi kiradi;
skuter — elektrodvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, lekin 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan ortiq, biroq 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch (to‘rt) g‘ildirakli transport vositasi. Xuddi shunday tavsiflarga ega bo‘lgan kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl hamda yo‘lning qatnov qismida harakatlanishiga moslashtirilgan boshqa transport vositalari skuterlarga tenglashtiriladi;
sutkaning qorong‘i vaqti — kechki g‘ira-shiraning oxiridan tonggi g‘ira-shiraning boshlanishigacha bo‘lgan oraliqdagi vaqt;
tartibga soluvchi — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining (keyingi o‘rinlarda — DYHXX), harbiy avtomobil nazorati organlari xodimi, o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan, ushbu Qoidalarda ko‘zda tutilgan ishoralar yordamida yo‘l harakatini tartibga solish vakolatiga ega bo‘lgan va uni bevosita amalga oshirayotgan yo‘ldan foydalanish xizmati xodimlari, temir yo‘l kesishmasi va sol kechuvlaridagi navbatchilar hamda jamoatchilik vakillari. Tartibga soluvchi maxsus kiyim va (yoki) taniqlik belgisi (qo‘l bog‘ichi, jezl, qizil ishorali yorug‘lik qaytargich, qizil chiroq yoki bayroqcha)ga ega bo‘lishi shart;
tashuvchi — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda transport vositasiga egalik qiladigan, qonunchilikka muvofiq yo‘lovchilarni hamda ularning mol-mulkini tijorat asosida tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadigan va buning uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yoxud ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati bo‘lgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor (o‘zini o‘zi band qilgan shaxs);
temir yo‘l kesishmasi — yo‘lning temir yo‘llar bilan bir sathda kesishgan joyi;
tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositasi — tezkor vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan, ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan hamda maxsus rangli bo‘yoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositasi;
tirkama — mexanik transport vositasi tarkibida harakatlanishga mo‘ljallangan va dvigatel bilan jihozlanmagan transport vositasi. Ushbu atama yarim tirkama va uzaytiriladigan tirkamalarga ham taalluqlidir;
transport vositasi — yo‘lovchilarning, bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik jo‘natmalarining yoki maxsus ishlarni amalga oshirish uchun uskunalarning yo‘llarda harakatlanishi yoki tashilishi uchun mo‘ljallangan qurilma;
transport vositasining egasi — transport vositasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi — oldida ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchasi yoqilgan transport vositasi kuzatib borayotgan, bevosita bir-birining ketidan, bitta harakatlanish bo‘lagida, yaqinni yorituvchi faralar chiroqlarini yoqib kelayotgan, uch va undan ortiq mexanik transport vositalari guruhi;
transport vositalarining to‘xtab turish joylari (bundan buyon matnda to‘xtab turish joyi deb yuritiladi) — transport vositalarini vaqtincha yoki doimiy saqlash uchun mo‘ljallangan, yo‘lning kengaytirilib qatnov qismidan ajratilgan uchastkasi, bino, inshoot (ularning bir qismi), maxsus ochiq maydoncha;
trotuar — qatnov qismiga tutashgan yoki undan maysazor, ariq, maxsus to‘siqlar bilan ajratilgan va piyodalarning harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘l qismi;
to‘siq — yo‘lning qatnov qismida harakatsiz holda bo‘lgan jism (buzilib qolgan transport vositasi, tushib qolgan yuk, yiqilgan daraxt va boshqalar).
Tirbandlik tufayli yoki Qoidalar talabiga binoan ushbu tasmada to‘xtagan transport vositasi to‘siq hisoblanmaydi;
to‘xtab turish — transport vositasiga yo‘lovchilarni chiqarish yoki tushirish, yuk ortish yoki tushirish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda harakatni 10 daqiqadan ko‘proq vaqtga atayin to‘xtatish;
to‘xtash — transport vositasi harakatini 10 daqiqagacha bo‘lgan muddatga to‘xtatish (harakatsiz holatga keltirish);
foto va video qayd etish — yo‘l harakati qoidalari buzilishini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalari, shuningdek, videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar yordamida qayd etish;
xavf — yo‘l harakati xavfsizligiga xavf soluvchi har qanday omil;
xavfli yuk — o‘ziga xos xossalari va xususiyatlari tufayli muayyan omillar mavjud bo‘lgan taqdirda tashish, yuk ortish-tushirish ishlari jarayonida tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, bino va inshootlar, boshqa obyektlarning portlashi, yonishi yoki shikastlanishiga, shuningdek odamlar hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan moddalar, materiallar, buyumlar, chiqindilar;
xavfsizlik orolchasi — harakatlanish tasmalarini (shu jumladan velosipedchilar tasmalarini) ajratuvchi, konstruksiyasiga ko‘ra qatnov qismi ustiga bordyur toshlari bilan ko‘tarilgan yoki harakatni tashkil etish texnik vositalari bilan belgilangan qatnov qismidan o‘tayotgan piyodalar, talab qilingan holda to‘xtab o‘tishlari uchun mo‘ljallangan yo‘l qurilmasi. Ajratuvchi mintaqa oralig‘idan o‘tkazilgan piyodalar o‘tish joyi ham xavfsizlik orolchasi hisoblanadi. Ikki tomonlama harakatlanishli yo‘llarda qarama — qarshi yo‘nalishlarni ajratuvchi xavfsizlik orolchalarini o‘ng tomondan aylanib o‘tiladi;
xorijiy avtotransport vositalari — xorijiy davlatlarning ro‘yxatga olish idoralarida ro‘yxatda turgan va O‘zbekiston Respublikasi hududiga chet el fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlarini qondirish, yuklar va yo‘lovchilarni xalqaro tashish maqsadlarida vaqtincha olib kiriladigan avtotransport vositalari;
chorraha — yo‘llarning o‘zaro bir sathda kesishadigan, tutashadigan va ayriladigan joyi. Chorraha chegarasi uning markazidan qatnov qismlari oxiridagi qarama-qarshi tomonlarning eng uzoq burilish joylarini tutashtiruvchi tasavvur qilinadigan chiziqlar bilan aniqlanadi.
Yondosh hududlardan chiqish joylari chorraha hisoblanmaydi;
elektromobil — tashqi elektr manbaidan quvvatlanib, faqat elektr dvigateli bilan harakatlanadigan transport vositasi;
elektromototsikl — elektrodvigatelining quvvati 4 kilovatt va undan oshadigan, konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometr va undan oshadigan yon tirkamasiz yoki yon tirkamali (kajavali) ikki yoxud uch (to‘rt) g‘ildirakli transport vositasi;
yashil hududlar — shaharlar va aholi punktlarining rekreatsion maqsaddagi hududlari, shuningdek, yashil ekinlar bilan qoplangan va tabiatni muhofaza qilish funksiyalarini bajaradigan hamda aholining dam olishi uchun foydalaniladigan ularga tutash hududlar.
o‘zib ketish — transport vositasining bir yo‘nalishda transport vositasi tezligidan ortiq tezlikda harakatlanishi;
qayta tizilish — dastlabki harakat yo‘nalishini saqlagan holda o‘z harakatlanish tasmasidan boshqa harakatlanish qatoriga o‘tish;
qatnov qismi — yo‘lning relssiz transport vositalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangan qismi;
qatnov qismlari kesishmasi — yo‘llarning qatnov qismlari o‘zaro kesishib o‘tadigan va tasavvur qilinadigan chiziqlar bilan aniqlangan hudud;
quvib o‘tish — bir yoki bir nechta transport vositalarini qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan tasmaga chiqib, so‘ngra ilgari egallagan qatoriga qaytib o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zib ketish;
haydovchi — transport vositasini boshqaruvchi shaxs. Transport vositasini boshqarish o‘rgatilayotganda o‘rgatuvchi shaxs haydovchi hisoblanadi.
Ot aravani boshqarayotgan hamda hayvonlarni minib harakatlanayotgan shaxslar haydovchiga tenglashtiriladi;
harakatlanish tasmasi — avtomobillarning bir qator bo‘lib harakatlanishi uchun yetarlicha keng bo‘lgan, yo‘l chiziqlari bilan belgilangan yoki belgilanmagan yo‘l qatnov qismining har qanday bo‘ylama tasmasi;
harakatlanish uchun xavf — yo‘l harakati jarayonidan o‘sha yo‘nalishda va o‘sha tezlikda harakatlanishni davom ettirish yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishiga tahdid qiladigan omil;
haqiqiy vazn — transport vositasining yuki, haydovchi va yo‘lovchilari bilan birgalikdagi vazni.