Onews.uz - Ўзбек тилида қисқа ва лўнда янгиликлар


Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl harakati qoidalari

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qaroriga 1-ILOVA

29. Mansabdor shaxslarning va fuqarolarning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, transport vositalarini yo‘lga chiqarish, raqam va taniqli belgilarini o‘rnatish bo‘yicha majburiyatlari

174. Yo‘l harakatida ishtirok etadigan transport vositalarining texnik holati va jihozlari “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Transport vositalarini DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish hamda egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi kerak.

175. Mexanik transport vositalarining (tramvaylardan, trolleybuslardan tashqari) va tirkamalarning ko‘zda tutilgan joylarida tegishli namunadagi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi shart.

Yuk avtomobillari, tirkamalar (yengil avtomobillar va mototsikllar tirkamalaridan tashqari) va avtobuslar (mikroavtobuslardan tashqari) kuzovining orqa devoriga uning davlat raqam belgisi va harflari yozilishi kerak. Raqamning balandligi 300 millimetr, kengligi 120 millimetr, chizig‘ining yo‘g‘onligi 30 millimetrdan kam bo‘lmasligi, harflar balandligi esa raqam o‘lchamlarining 2/3 qismiga teng bo‘lishi kerak.

Tramvaylarga va trolleybuslarga tegishli tashkilot tomonidan ro‘yxatga olingan raqamlar yoziladi.

176. Transport vositalariga taniqlik belgilari o‘rnatilishi kerak:

“Avtopoyezd” — yuk avtomobillari va g‘ildirakli traktor (1,4 tonna va undan yuqori)larda tirkama bo‘lganda, shuningdek tutashtirilgan avtobus va trolleybus kabinalari tomining old qismi o‘rtasiga bir qator qilib 150 dan 300 millimetrgacha oraliqda ko‘ndalang joylashgan uchta zarg‘aldoq rangli chiroq yoki ichidan yoritiladigan, tomonlarining har biri 250 millimetr bo‘lgan sariq rangli uchburchak shaklidagi belgi;

“Turumlangan” (tishli, shipli) — turumlangan shinali mexanik transport vositalarining orqasida — ichiga qora rangda “T” harfi tushirilgan, qizil hoshiyali, oq rangli uchi yuqoriga yo‘naltirilgan teng tomonli uchburchak ko‘rinishida. Uchburchakning tomonlari 200 millimetrdan kam bo‘lmasligi, hoshiyasining kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;

“Bolalar guruhini tashish” — bolalar guruhini tashkiliy tashishda, transport vositasining old va orqa tomonlariga qizil hoshiyali, ichiga 1.21 yo‘l belgisidagi bolalar timsolining tasviri tushirilgan, sariq rangdagi, tomonlari teng bo‘lgan to‘rtburchak (kvadrat) ko‘rinishidagi belgi. To‘rtburchakning tomonlari 250 — 300 millimetrgacha, hoshiyaning kengligi to‘rtburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;

“Kar haydovchi” — kar-soqov yoki kar haydovchi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomonlarida — ichiga uchi pastga yo‘nalgan hayoliy teng tomonli uchburchakning burchaklari bo‘yicha diametri 40 millimetr bo‘lgan uchta qora doira tushirilgan, diametri 160 millimetrni tashkil etadigan sariq rangli doira ko‘rinishida;
“Boshqarishni o‘rgatish uchun mo‘ljallangan mexanik transport vositasi” — boshqarishni o‘rgatishda foydalaniladigan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — ichiga qora rangda “O‘” harfi tushirilgan, tomonlari 200 millimetrdan 300 millimetrgacha bo‘lgan qizil hoshiyali, oq rangli, uchi yuqoriga yo‘nalgan teng tomonli uchburchak ko‘rinishida. Belgi hoshiyasining kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;

“Tezlik cheklangan” — bolalar guruhini tashkiliy tashishni amalga oshirayotgan, og‘ir vaznli, xavfli va katta o‘lchamli yuklarni tashiyotgan, shuningdek, transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘rsatilgan eng yuqori tezligi Qoidalarning 78, 79 va 80-bandlarida belgilangan tezlikdan kam bo‘lgan hollarda, mexanik transport vositalari kuzovi orqa devorining chap tomoniga 3.24 — “Yuqori tezlik cheklangan” yo‘l belgisining kichraytirilgan, rangli tasviri tushirilgan ko‘rinishidagi belgi. Belgining diametri 160 millimetrdan kam bo‘lmasligi, hoshiyasining kengligi belgi diametrining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;

“Xavfli yuk” — xavfli yukni tashiyotgan transport vositasining old va orqa tomoniga o‘rnatilgan o‘lchami 690 x 300 millimetr, o‘ng qismi 400 x 300 millimetr bo‘lgan zarg‘aldoq rangli, chap qismi esa yukning xavfli xususiyatini bildirib turgan belgilar tushirilgan qora hoshiyali (kengligi 15 millimetr) oq rangdagi to‘rtburchak shaklidagi belgi (ushbu Qoidalarga 4-ilova);

“Katta o‘lchamli yuk” — ichiga kengligi 50 millimetrli, diagonal bo‘yicha navbatma-navbat qizil va oq rangli chiziqlar tushirilgan, yorug‘lik qaytaradigan yuzali, o‘lchami 400 x 400 millimetrli to‘rtburchak shaklidagi belgi;

“Uzun o‘lchamli transport vositasi” — yukli va yuksiz uzunligi 20 metrdan oshadigan transport vositasining, ikki yoki undan ko‘proq tirkamali avtopoyezdlarning orqasida — kengligi 40 millimetr bo‘lgan qizil hoshiyali, o‘lchami 1200x200 millimetr bo‘lgan, sariq rangli, nur qaytaruvchi to‘rtburchak shaklidagi belgi.

Ko‘rsatilgan o‘lchamli belgini joylashtirishning imkoniyati bo‘lmasa, bir xil ikkita 600x200 millimetr o‘lchamdagi belgini transport vositasining o‘qiga simmetrik ravishda o‘rnatishga yo‘l qo‘yiladi;

“Avariya sababli to‘xtash” — davlat standarti talablari asosidagi uchburchak shaklidagi belgi;

Haydovchining xohishiga ko‘ra taniqlik belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin:

“Shifokor” — shifokor-haydovchilar boshqarayotgan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — tomonlari 140 millimetr bo‘lgan, ko‘k rangli, ichida diametri 125 millimetrli oq doiraga balandligi 90 millimetr, chizig‘ining kengligi 25 millimetr bo‘lgan qizil xoch tushirilgan kvadrat ko‘rinishidagi belgi;

“Nogironligi bo‘lgan shaxs” — birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxs boshqarayotgan, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni yoki nogironligi bo‘lgan bolalarni tashiyotgan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — barcha tomonlari 150 millimetrdan bo‘lgan va ichiga 7.17 yo‘l belgisining qora rangli timsoli tushirilgan sariq rangli kvadrat ko‘rinishidagi belgi;

“Haydovchilikni endi boshlagan” — “Haydovchilik malakasi yetarli bo‘lmagan” haydovchilik staji 2 yildan kam bo‘lgan haydovchilar boshqarayotgan mexanik transport vositalarining (traktorlar, o‘ziyurar mashinalar va mototsikllardan tashqari) orqasida — ichiga qora rangli 110 millimetr balandlikdagi “!” belgisining tasviri tushirilgan, sariq rangli, tomonlari 150 millimetr bo‘lgan kvadrat ko‘rinishidagi belgi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan taniqlik belgilardan boshqa taniqlik belgilarini o‘rnatish, shuningdek, transport vositasining kuzovi va oynalariga turli xil yozuvlar kiritish taqiqlanadi, transport vositasining kuzoviga reklama maqsadlarida belgilangan tartibda yozuvlar kiritish bundan mustasno.

177. Mexanik transport vositalarini shatakka olishda egiluvchan ulagichni ko‘rsatadigan ogohlantiruvchi, o‘lchami 200x200 millimetr bo‘lgan, diagonali bo‘yicha ketma-ket joylashgan, kengligi 50 millimetrli qizil va oq rangli enli chiziqlar tushirilgan, yorug‘lik qaytaradigan yuzali bayroqchalar yoki kvadrat ko‘rinishidagi belgi o‘rnatilishi kerak.

Egiluvchan ulagichga kamida ikkita taniqli belgisi o‘rnatiladi.

178. Qattiq ulagichli qurilmaning konstruksiyasi texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga mos bo‘lishi kerak.

179. Quyidagi hollarda transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi:

avtomobillar, avtobuslar, avtopoyezdlar, tirkamalar, mototsikllar, mopedlar, velosipedlar, traktorlar va boshqa o‘ziyurar mashinalarning texnik holati va jihozlanishi transport vositalaridan foydalanishni taqiqlaydigan nosozliklar va shartlar ro‘yxatining talablariga (3-ilovaga muvofiq) javob bermasa;

trolleybuslarda va tramvaylarda tegishli texnik foydalanish qoidalarida ko‘zda tutilgan nosozliklardan birortasi bo‘lsa;

transport vositalari belgilangan tartibda davlat texnik ko‘rigidan o‘tmagan bo‘lsa;

tegishli ruxsatsiz qayta jihozlangan bo‘lsa (avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma talab etilgan hollarda);

transport vositalari DYHXX ruxsatisiz yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishora bilan jihozlangan, kuzovining yon yuzalariga DYHXX bilan kelishilmasdan rangli bo‘yoq chizmalar, qiya oq chiziqlar tortilgan, ko‘zda tutilgan joylarga tegishli davlat raqam belgilari o‘rnatilmagan, agregat va qismlarining raqamlari yoki tegishli namunadagi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilari ko‘rinmaydigan, qalbakilashtirilgan, o‘zgartirilgan bo‘lsa;

kuzovining yon yuzalariga yo‘nalishsiz taksining rangli rasmlar chizmasiga va (yoki) tomida taksi chirog‘iga ega bo‘lgan transport vositalaridan, agar bunday transport vositasining haydovchisida belgilangan tartibda berilgan yo‘lovchilar tashishni amalga oshirish bo‘yicha ruxsatnoma bo‘lmasa;

sariq yoki zarg‘aldoq rangli chiroq-mayoqcha bilan jihozlangan, DYHXXda qayd etilmagan transport vositalaridan (katta o‘lchamli yuklarni, portlovchi, oson alangalanadigan, radioaktiv va yuqori darajali xavfga ega bo‘lgan moddalarni tashiyotgan transport vositalaridan tashqari).

180. Transport vositalarining texnik holatiga va ulardan foydalanishga javobgar bo‘lgan mansabdor va boshqa shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

texnik nosoz, tegishli ruxsatsiz qayta jihozlangan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan va davlat texnik ko‘rigidan o‘tkazilmagan yoki tegishli hujjatlarsiz transport vositalarini yo‘lga chiqarish;

mastlik (giyohvandlik moddalar, alkogol va boshqalar) holatida yoki sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik yoki betoblik holatida, shuningdek tegishli toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan, belgilangan muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni transport vositasini boshqarishga qo‘yish;

zanjirli traktorlarni va boshqa o‘ziyurar uskunalarni harakatlanish uchun asfalt yoki sement-beton qoplamali yo‘llarga chiqarish.

181. Yo‘llar, temir yo‘l kesishmalari va boshqa yo‘l inshootlarining holatiga javobgar bo‘lgan mansabdor va boshqa shaxslar:

yo‘llar, temir yo‘l kesishmalari va boshqa yo‘l inshootlarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq harakatlanish uchun xavfsiz holatda saqlashga;

ommaviy axborot vositalari yordamida yo‘l harakatiga kiritilgan cheklovlar va o‘zgartirishlar haqida yo‘l harakati qatnashchilarini xabardor qilishga;

yo‘l harakatiga xalaqit beradigan har qanday to‘sqinlik vujudga kelsa, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish, yo‘lning ayrim qismlarida ulardan foydalanish yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan hollarda harakatni cheklash yoki taqiqlash choralarini ko‘rishga majbur.

182. Yo‘llarda ta’mirlash ishlarini bajarishga javobgar bo‘lgan mansabdor va boshqa shaxslar ishlar olib borilayotgan joylarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga majbur. Bunday joylar, shuningdek, yo‘ldan tashqariga olib chiqish imkoniyati bo‘lmagan ish bajarmayotgan yo‘l mashinalari, qurilish materiallari, qurilma va shunga o‘xshashlar tegishli yo‘l belgilari, yo‘naltiruvchi va to‘suvchi moslamalar bilan, sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda esa qo‘shimcha qizil yoki sariq chiroqli ishoralar bilan belgilanishi kerak.

Ta’mirlash ishlari tugagandan so‘ng transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlangan bo‘lishi kerak.

183. Qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollarda tegishli mansabdor va boshqa shaxslar tomonidan DYHXX bilan belgilangan tartibda quyidagilar kelishilishi shart:
shaharlarda va avtomobil yo‘llarida yo‘l harakatini tashkil etishni loyihalash, yo‘llarni harakatlanishni tashkil etuvchi texnik vositalar bilan jihozlash va qayta jihozlash;
ushbu Qoidalarning 164-bandida keltirilgan transport vositalarining harakatlanishi;

ro‘yxatdan o‘tkazilgan transport vositalari kontruksiyasiga yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanishiga ta’sir qiladigan o‘zgartirishlar kiritish;

yo‘nalishli transport vositalari yo‘nalishlari va bekatlarining joylashishi;

yo‘llarda ommaviy sport va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;

transport vositalarini qayta jihozlash, ularga maxsus yorug‘lik va tovush ishoralarini o‘rnatish, transport vositalari kuzovi yuzalariga rangli rasmlar, yozuvlar va sxemalar, qiya oq chiziqlar tortish;

ta’mirlash ishlari olib boriladigan yo‘l uchastkalarida harakatni tashkil etish chizmasi;

yo‘llarni, yo‘l inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash loyihalari;

yo‘l va uning hududlarida har qanday obyektlarning loyihalarini;

boshqarishni o‘rgatish ruxsat etilgan yo‘llar ro‘yxati va chizmasi;

harakat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislarni, avtomototransport vositalari yoki shahar elektr transporti vositalarini boshqarishni o‘rgatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar instruktori va haydovchilarni tayyorlash dasturlari;

tezlikning belgilangan me’yordan oshirilishi yoki kamaytirilishi yuzasidan qarorlarni;

yo‘llarda sun’iy notekislik va shlagbaumni o‘rnatish.

184. Zarg‘aldoq yoki sariq rangli miltillovchi chiroq-mayoqcha quyidagilarga o‘rnatiladi:

yo‘lda qurilish, ta’mirlash yoki tozalash ishlarini, shikastlangan, nosoz transport vositalarini ortish va tashish ishlarini bajarayotgan transport vositalariga;

katta hajmli, og‘ir vaznli va xavfli yuklarni tashishni amalga oshirayotgan transport vositalariga;

katta hajmli, og‘ir vaznli va xavfli yuklarni tashishni amalga oshirayotgan transport vositalarini kuzatib borayotgan transport vositalariga;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida mashq qilish tadbirlarini o‘tkazishda velosipedchilarning tashkiliy guruhlarini kuzatib borishni amalga oshirayotgan transport vositalariga.

185. Ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari tomiga, ustiga, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sharti bilan old yoki orqa tomoniga ham o‘rnatilishi mumkin.

Mahkamlash usullari transport vositasi har xil sharoitlarda harakatlanganda ham o‘rnatilgan chiroq-mayoqchalarning mustahkamligini ta’minlashi kerak.

186. Transport vositalarining barcha rangdagi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlanganligi haqidagi ma’lumotlar avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnomada ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Yoʻl harakati qoidalariga ilovalar / Yoʻl harakati qoidalarining belgilari

Yoʻl harakati qoidalari



UzPdd.uz ©