uzpdd.uz saytining telegram-sahifasi


Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl harakati qoidalari

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qaroriga 1-ILOVA

10. Yo‘lning qatnov qismida transport vositalarining joylashuvi

64. Relssiz transport vositalari harakatlanadigan bo‘laklar soni chiziqlar va (yoki) 5.8.1, 5.8.2, 5.8.7, 5.8.8 yo‘l belgilari bilan belgilanadi. Bunday chiziqlar yoki yo‘l belgilari bo‘lmasa, haydovchilar harakatlanish bo‘laklari sonini, qatnov qismining kengligini, transport vositalari orasidagi zarur yonlama oraliq masofani va ularning gabarit o‘lchamlarini hisobga olgan holda o‘zlari aniqlaydilar. Bunda harakat ikki tomonlama bo‘lgan yo‘l qatnov qismining chap tomondagi yarmi, qatnov qismining joylardagi kengayishlari (sekinlashish va tezlashish bo‘laklari, balandlikka ko‘tarilishdagi qo‘shimcha bo‘laklar, yo‘nalishli transport vositalarining to‘xtash joylaridagi kengayishlar)ni hisobga olmagan holda, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan deb hisoblanadi.

65. To‘rt va undan ortiq bo‘lakli, harakat ikki tomonlama bo‘lgan yo‘llarda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan bo‘laklarga chiqish taqiqlanadi.

66. Harakat ikki tomonlama bo‘lgan va chiziqlar bilan belgilangan (1.9 chizig‘i bilan belgilanganidan tashqari) uchta bo‘lakli yo‘llarda, ikki yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan o‘rta bo‘lakka faqat quvib o‘tish, aylanib o‘tish, chapga burilish va qayrilib olish uchungina chiqishga ruxsat etiladi. Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan chetki chap bo‘lakni egallash taqiqlanadi.

67. Aholi punktlaridan tashqaridagi yo‘llarda hamda aholi punktlarida ayrim turdagi transport vositalari uchun ushbu Qoidalarda belgilangandan yuqori tezlikda harakatlanish ruxsat etilgan yo‘l qismlarida haydovchilar transport vositalarini mumkin qadar qatnov qismining o‘ng chetiga yaqinroq olib harakatlanishlari kerak. O‘ng bo‘laklar bo‘sh bo‘lganda chap bo‘laklarni egallash taqiqlanadi.

Aholi punktlarida ushbu bandning birinchi xatboshi va ushbu Qoidalarning 69, 123 va 161-bandlaridagi talablarni hisobga olgan holda, haydovchilar o‘zlariga qulay bo‘lgan harakatlanish bo‘lagidan foydalanishlari mumkin. Harakat serqatnovligi sababli boshqa bo‘laklar band bo‘lgan hollarda harakatlanish bo‘lagini faqat o‘ngga yoki chapga burilish, qayrilib olish, quvib o‘tish, to‘xtash yoki to‘siqni chetlab o‘tish oldidan o‘zgartirishga ruxsat etiladi.

Biroq bir yo‘nalishdagi uch va undan ortiq bo‘lakli har qanday yo‘lda chetki chap bo‘lakni harakat serqatnovligi sababli boshqa bo‘laklar band bo‘lgan hollarda, shuningdek quvib o‘tish, chapga burilish yoki qayrilib olish, ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga esa, faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun egallashga ruxsat etiladi.

Harakat bir tomonlama bo‘lgan yo‘lning chap bo‘lagida to‘xtash va to‘xtab turish ushbu Qoidalarning 88-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.

Biror bo‘lakda qo‘shni bo‘lakdagi transport vositalariga nisbatan kattaroq tezlikda harakatlanish quvib o‘tish hisoblanmaydi.

68. Tezligini soatiga 40 kilometrdan oshirishi mumkin bo‘lmagan yoki texnik sabablarga ko‘ra tezligini bundan oshira olmaydigan transport vositalari aylanib o‘tish, quvib o‘tish, chapga burilish yoki qayrilib olish uchun qayta tizilishdan yoki ruxsat etilgan hollarda yo‘lning chap tomonida to‘xtashdan boshqa hollarda faqat chetki o‘ng bo‘lakda harakatlanishlari kerak.

69. Bir yo‘nalishdagi qatnov qismining chap tomonida u bilan bir sathda joylashgan tramvay izidan, shu yo‘nalishdagi boshqa bo‘laklar band bo‘lganda harakatlanishga, shuningdek aylanib va quvib o‘tishga, chapga burilish va qayrilib olishga ushbu Qoidalarning 56-bandini hisobga olgan holda ruxsat etiladi. Biroq bu tramvayga xalaqit bermasligi kerak. Qarama-qarshi yo‘nalishdagi tramvay izidan harakatlanish taqiqlanadi.

Agar chorrahadan oldin 5.8.1 yoki 5.8.2 yo‘l belgilari o‘rnatilgan bo‘lsa, chorrahadan o‘tishda tramvay izlaridan harakatlanish taqiqlanadi.

70. Agar qatnov qismi yo‘l chiziqlari bilan bo‘laklarga ajratilgan bo‘lsa, transport vositalarining harakatlanishi qat’iy ravishda belgilangan bo‘laklarda amalga oshirilishi kerak. Faqat qayta tizilishda uzuq-uzuq chiziqlarni bosib o‘tishga ruxsat etiladi.

71. Reversiv harakatlanishli yo‘lga burilishda transport vositalari qatnov qismlari kesishmasidan chiqishda chetki o‘ng bo‘lakni egallashi kerak. Shu yo‘nalishdagi boshqa bo‘laklarda ham harakatlanishga ruxsat berilganligiga ishonch hosil qilgandan keyingina haydovchiga qayta tizilishga ruxsat etiladi.

72. Ushbu Qoidalarning 88, 166-bandlarida ko‘zda tutilgandan boshqa hollarda transport vositalarining ajratuvchi bo‘lak, yo‘l yoqasi, trotuar va piyodalar yo‘lkalaridan harakatlanishi taqiqlanadi. Bu joylarda yo‘ldan foydalanish va kommunal xizmat mashinalarining harakatlanishiga, shuningdek bevosita yo‘l yoqasida, trotuar yoki piyodalar yo‘lkalari oldida joylashgan savdo shoxobchalari, korxonalar va boshqa inshootlarga yuk olib kirish uchun boshqa imkoniyati bo‘lmagan transport vositalariga yaqin yo‘ldan kirishga ruxsat etiladi. Bunda harakat xavfsizligi to‘la ta’minlangan bo‘lishi shart.

73. Haydovchi o‘zidan oldinda harakatlanayotgan transport vositasi keskin tormoz berganida to‘qnashib ketmaslik kafolatini beradigan darajadagi oraliq masofani, shuningdek yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydigan yonlama oraliq masofani saqlashi kerak.

74. Aholi yashash joylaridan tashqaridagi ikki tomonlama harakat tashkil etilgan ikki bo‘lakli yo‘llarda tezligini soatiga 50 kilometrdan oshirishi mumkin bo‘lmagan, shuningdek uzunligi 7 metrdan ortiq bo‘lgan transport vositalarining (transport vositalarining tarkibi) haydovchilari o‘zi va oldida harakatlanayotgan transport vositasi orasida, ularni quvib o‘tayotgan transport vositalari oldin egallagan bo‘lakka bemalol qayta tizilishi uchun imkon beradigan masofani saqlashlari kerak.

Quvib o‘tish taqiqlangan yo‘llarda, shuningdek transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi tarkibida va serqatnov bo‘lgan yo‘llarda harakatlanayotganda ushbu talabga amal qilinmaydi.

75. Agar biror-bir to‘siq sababli qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanish qiyin bo‘lsa, to‘siq o‘z tomonida bo‘lgan haydovchi yo‘l berishi kerak.

76. Agar yo‘l belgilari va chiziqlari boshqa yo‘nalishni ko‘rsatmagan bo‘lsa, haydovchilar ajratuvchi bo‘lagi bo‘lmagan ikki tomonlama harakat tashkil etilgan yo‘llardagi xavfsizlik orolchalari, ustunchalar va yo‘l inshooti qismlari (ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich ustunlari va shunga o‘xshashlar)ni o‘ng tomondan aylanib o‘tishlari kerak.

Yoʻl harakati qoidalariga ilovalar / Yoʻl harakati qoidalarining belgilari

Yoʻl harakati qoidalari



UzPdd.uz ©