Oʻzbek tilida kirill-lotin va lotin-kirill alifbosiga oʻzgartirish xizmati


Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl harakati qoidalari

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qaroriga 1-ILOVA

12. Quvib o‘tish

82. Quvib o‘tishni boshlashdan oldin haydovchi chapga burilishni bildiruvchi ishorasini yoqib:

o‘zi o‘tmoqchi bo‘lgan harakatlanish bo‘lagi quvib o‘tish uchun yetarlicha masofada bo‘sh ekanligiga, quvib o‘tish jarayonida harakatlanishga xavf tug‘dirmasligiga va boshqa harakat qatnashchilariga xalaqit bermasligiga;
shu tasmada orqada harakatlanayotgan transport vositasi quvib o‘tishni boshlamaganligiga;
oldinda harakatlanayotgan transport vositasi quvib o‘tish, chapga burilish (qayta tizilish) ishorasini bermayotganligiga;
quvib o‘tishni tugallayotganda quvib o‘tilayotgan transport vositasiga xalaqit bermasdan ilgari egallagan qatorga qaytib o‘ta olishiga ishonch hosil qilishi shart.

83. Bir yo‘nalishda harakatlanayotgan relssiz transport vositalarini har ikki tomonidan o‘zib ketishga ruxsat beriladi. Biroq chapga burilish ishorasini berib, burilishga kirishgan transport vositasini o‘zib ketish o‘ng tomondan amalga oshiriladi.

84. Quvib o‘tilayotgan transport vositasining haydovchisiga harakatlanish tezligini oshirish yoki boshqa xatti-harakatlar bilan quvib o‘tishga to‘sqinlik qilish taqiqlanadi.

85. Quvib o‘tishni tugallagandan so‘ng haydovchi ilgari egallagan harakatlanish yo‘nalishiga qaytishi shart.

86. Quvib o‘tish quyidagi hollarda taqiqlanadi:

tartibga solingan chorrahalarda;
tartibga solinmaydigan chorrahalarda asosiy hisoblanmaydigan yo‘llarda harakatlanishda;
ko‘priklarda, yo‘l o‘tkazgichlarda, estakadalarda va ularning ostida;
piyodalar o‘tish joylarida;
temir yo‘l kesishmalarida va ulargacha 100 metrdan kam masofa qolganda;
quvib yoki aylanib o‘tayotgan transport vositalarini;
tepalikning oxirida va yo‘lning ko‘rinishi cheklangan joylarida;
3.20 va 3.22 yo‘l belgilari ta’sir oralig‘ida.

87. Aholi punktlaridan tashqaridagi yo‘llarda sekin harakatlanadigan, katta hajmli yoki katta hajmli yuk tashiyotgan transport vositasini quvib o‘tish qiyin bo‘lgan hollarda uning haydovchisi ushbu transport vositasini iloji boricha yo‘lning o‘ng tomoniga olishi, zarur bo‘lganda esa orqasida to‘planib qolgan transport vositalarini o‘tkazib yuborish uchun to‘xtashi kerak.

Yoʻl harakati qoidalariga ilovalar / Yoʻl harakati qoidalarining belgilari

UzPdd.uz ©