uzpdd.uz saytining telegram-sahifasi


Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl harakati qoidalari

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qaroriga 1-ILOVA

22. Yo‘nalishli transport vositalarining imtiyozlari

131. Tramvay yo‘llari chorrahadan tashqarida qatnov qismini kesib o‘tadigan joylarda tramvay relssiz transport vositalariga nisbatan imtiyozga ega bo‘ladi (depodan chiqish joylari bundan mustasno).

132. Yo‘nalishli transport vositalarining harakatlanishi uchun 5.9, 5.10.1 — 5.10.3 yo‘l belgilari bilan ajratilgan tasmada boshqa transport vositalarining harakatlanishi va to‘xtashi taqiqlanadi.

Agar 5.9 yo‘l belgisi bilan belgilangan tasma qatnov qismining boshqa tasmalardan uzuq-uzuq chiziq bilan ajratilgan bo‘lsa, burilmoqchi bo‘layotgan transport vositalari bu tasmaga qayta tizilishlari kerak.

Shuningdek, bunday joylarda yo‘nalishli transport vositalarining harakatiga xalaqit bermaslik sharti bilan yo‘lga chiqish, qatnov qismining chetki o‘ng tomonida yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish uchun bu bo‘lakka o‘tishga ruxsat etiladi.

133. Haydovchilar aholi punktlarida bekatdan harakatlanishni boshlayotgan avtobus va trolleybuslarga yo‘l berishlari kerak. O‘z navbatida avtobus va trolleybus haydovchilari o‘zlariga yo‘l berilganligiga ishonch hosil qilganliklaridan keyingina harakatlanishni boshlashlari mumkin.

Yo‘nalishli transport vositalariga bekatlardan tashqari joylarda yo‘lovchi olish va tushirish taqiqlanadi (yo‘nalishli taksilar bundan mustasno).

Yoʻl harakati qoidalariga ilovalar / Yoʻl harakati qoidalarining belgilari

UzPdd.uz ©