Onews.uz - Ўзбек тилида қисқа ва лўнда янгиликлар


Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl harakati qoidalari

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qaroriga 1-ILOVA

28. Velosiped, moped va aravalar harakatlanishiga, shuningdek hayvonlarni haydab o‘tishga doir qo‘shimcha talablar

65. Yo‘lda velosiped, individual harakatlanish vositalarini va aravani boshqarish, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarni haydab o‘tish 14 yoshdan kichik bo‘lmagan, moped va skuterni boshqarish esa 16 yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslarga ruxsat etiladi.

166. Velosipedlar, individual harakatlanish vositalari, mopedlar, aravalar, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarning yo‘lning chetki o‘ng bo‘lagida imkoni boricha o‘ng tomonidan bir qator bo‘lib harakatlanishiga yo‘l qo‘yiladi. Agar piyodalarga xalaqit bermasa, yo‘l yoqasidan harakatlanishga ham ruxsat etiladi.

Yo‘lning qatnov qismida harakatlanishda velosipedchilar, individual harakatlanish vositalari, aravalar jamlanmasi, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlar guruhlari va haydab ketilayotgan hayvonlar to‘dasi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydigan hamda ularni quvib o‘tishni osonlashtiradigan guruhlarga bo‘linishi kerak.

167. Velosiped individual harakatlanish vositalari tovushli ishora moslamasi bilan jihozlangan va tormoz tizimi soz bo‘lishi zarur. Sutkaning qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda harakatlanish uchun velosipedning old tomoniga oq rangli nur qaytargich yoki chiroq, orqa tomoniga qizil rangli nur qaytargich yoki chiroq, yon tomonlariga esa, zarg‘aldoq yoki qizil rangli nur qaytargich o‘rnatilishi kerak.

Individual harakatlanish vositalari old tomonidan fara chiroqlari va orqa tomonida ogohlantirish chiroqlari yoki nur qaytargichlar bilan jihozlangan bo‘lishi shart.

Velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementli parchalari bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi shart.

Ushbu nur qaytaruvchi elementli parchalar boshqa haydovchilar tomonidan ko‘rinishi ta’minlanishi kerak.

168. Velosipedchilar va individual harakatlanish vositalarini boshqarayotgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish (manyovrdan oldin ishoralar berish bundan mustasno);

odam tashish (ishonchli oyoq qo‘ygich bilan jihozlangan velosipeddagi qo‘shimcha o‘rindiqda 7 yoshgacha bo‘lgan bolani tashish bundan mustasno);

gabaritidan bo‘yiga va eniga 0,5 metrdan ortiq chiqib turgan yoki boshqarishga xalaqit beradigan yuklarni tashish;

velosiped yo‘lkasi bo‘lgan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanish;

tramvay harakatlanadigan yo‘llarda va shu yo‘nalishda harakatlanish uchun bo‘lagi bittadan ko‘p bo‘lgan yo‘llarda chapga burilish yoki qayrilib olish;

yo‘lning qatnov qismidan, shu jumladan, piyodalar o‘tish joyidan velosipedlarni va individual harakatlanish vositalarini boshqarib kesib o‘tish (velosiped yo‘laklarida harakatlanish bundan mustasno).

Velosipedlarni va individual harakatlanish vositalarini shatakka olish, shuningdek, ulardan shatakka olishda foydalanish taqiqlanadi (velosipedga mo‘ljallangan tirkamalarni shatakka olish bundan mustasno).

169. Chorrahadan tashqaridagi tartibga solinmagan velosiped yo‘lkasi bilan yo‘l kesishmasida velosiped va individual harakatlanish vositalari yo‘lda harakatlanayotgan boshqa transport vositalariga yo‘l berishlari kerak.
Velosiped yo‘lkasi va piyodalar yo‘lkasi (trotuar) o‘zaro kesishgan holatlarda velosiped va individual harakatlanish vositasi piyodaga yo‘l berishi kerak.

170. Ot-aravalarda ularni to‘xtatib turadigan moslama va orqaga tisarilib ketishga yo‘l qo‘ymaydigan tirgaklar bo‘lishi kerak.

Qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda harakatlanganda ot-aravaning old tomoniga oq rangli chiroq yoki ikkita nur qaytargich, orqa tomoniga esa qizil rangli chiroq yoki ikkita nur qaytargich o‘rnatilishi kerak.

Yondosh hududdan yoki ikkinchi darajali yo‘ldan ko‘rinishi cheklangan joylarda yo‘lga chiqayotgan arava haydovchisi hayvonlarning jilovini qo‘yib yubormasligi kerak.

171. Hayvonlarni yo‘lda, asosan sutkaning yorug‘ vaqtida haydab borilishi kerak. Podachilar hayvonlarni mumkin qadar yo‘lning yo‘l yoqasida olib yurishlari kerak.

172. Hayvonlarni temir yo‘l kesishmalari orqali haydab o‘tishda podachilar sonini hisobga olgan holda hayvonlar podasi xavf-xatarsiz haydab o‘tilishi ta’minlanadigan to‘dalarga bo‘linishi kerak.

173. Aravani boshqarayotgan, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarni, podani haydab ketayotgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

yo‘llarda hayvonlarni nazoratsiz qoldirish;

podani temir yo‘ldan va yo‘lda maxsus ajratilmagan joylardan, shuningdek ruxsat etilgan joylarda esa sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda haydab o‘tish;

boshqa yo‘llar bo‘lganda hayvonlarni mukammal qoplamali yo‘llarda haydab borish;

ko‘kalamzorlashtirilgan joylarda (yo‘l, yo‘l yoqasi, ajratuvchi mintaqa va boshqalar) hayvonlarni boqish va bog‘lab qo‘yish.

Yoʻl harakati qoidalariga ilovalar / Yoʻl harakati qoidalarining belgilari

Yoʻl harakati qoidalari



UzPdd.uz ©